10:15
Bosh og'rig'ini yo'qotish uchun yalpizdan foydalaning

Xushbo‘y yalpiz doimo o‘z shifobaxshligi bilan boshqa ko‘katlar ichida yetakchilik qilib kelgan. Uni oshqozon kasalliklari, ortiqcha asabiylashish, shamollashlarda keng qo‘llashgan.

Qadimda yalpiz umrni uzaytiruvchi dori sifatida qo‘llanilgan. Biroq yalpiz bugungi kun fitoterapiyasi, aromaterapiya va farmokologiyasida ham keng qo‘llaniladi. Yalpiz tarkibida efir moylari (yaproqlarida 2,75 foizgacha, gulida 6 foizgacha) ko‘p bo‘lgani bois ham shunday o‘tkir hidga ega. Zamonaviy kosmetologiyada ham uning alohida o‘rni bo‘lib, yalpiz xushbo‘ylashtirilgan vannalarga qo‘shiladi hamda spa-muolajalarda ishlatiladi.


YALPIZ TIBBIYOTDA

Yalpiz kishini tinchlantira olish xususiyatiga ega. Shu bois ham uni shu kabi turli dorilar tarkibiga qo‘shishadi, xalq tabobatida esa yalpizli choy keng qo‘llaniladi. U stress va asabiylashishni yo‘qotadi, uyquni yaxshilaydi.

Yalpiz ovqat hazm qilish tizimi ish faoliyatiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi: ichaklarda havo yig‘ilishi va ich qotishining oldini oladi. Buning uchun 2 osh qoshiq maydalangan yalpiz yaproqlari ustiga 200 ml. qaynagan suv solib, 30 daqiqa ushlab turiladi. Ushbu damlama kuniga uch mahal ovqatdan 15 daqiqa oldin ichiladi. Unga yana 1 osh qoshiq kalendula gullaridan ham qo‘shib yuborish mumkin - u oshqozondagi og‘riqlarda yordam beradi.

Ko‘ngil aynishi va qayt qilishda ham yalpiz qo‘l keladi. 1 osh qoshiq maydalangan yalpiz yaproqlari ustiga 200 ml. qaynagan suv solinib, 40 daqiqa sochiq bilan o‘rab qo‘yiladi. Keyin damlama elakdan o‘tkazilib, ko‘ngil ayniganda 1 osh qoshiq, qayt qilishda esa, har uch soatda yarim stakandan ichiladi.

Yalpiz oshqozon osti bezi ish faoliyatiga ham yaxshi ta’sir ko‘rsatadi, shu bois uni qandli diabet bilan og‘rigan kishilarga tavsiya etishadi. Buning uchun 3 choy qoshiq yalpiz yaproqlari va 1 choy qoshiq maydalangan qoqi o‘t ildizi olinib, 6-7 daqiqa davomida qaynatiladi, biroz turgach, elakdan o‘tkazilib, ovqatdan oldin, kuniga 3 mahal 50 ml.dan ichiladi.

Shuningdek, yalpizning antiseptik xususiyatlari ham mavjud. Unda fitonsidlar ko‘p bo‘lgani bois ham infeksiyalar bilan samarali kurasha oladi.

Peshonaga qo‘yilgan yalpiz yaproqlari bosh og‘rig‘ida yordam bera oladi. Shuningdek, yalpizli damlama ham tayyorlab ichishingiz mumkin. Buning uchun 1/20 hisobda maydalangan yalpiz yaproqlari va 70 foizli spirt olinib, aralashtiriladi. 7 kun davomida turgan ushbu aralashmani boshingiz og‘riganda 15 tomchidan ichishingiz mumkin.

Bundan tashqari, yalpiz qon bosimini tushirish xususiyatiga ham ega. Bir qism yalpiz, bir qism moychechak, yarim qism valerianadan damlama tayyorlab oling hamda uni har kuni bir marta stakanning uchdan bir qismi miqdorida iste’mol qiling.

Oyoqlarni zararlagan zamburug‘li kasallikda ham yalpizni tuz bilan aralashtirib, kasallangan joyga to u butkul sog‘ayib ketguniga qadar kompress qilib qo‘yiladi.

Nevralgiya, artrit, miozitda yalpizdan og‘riq qoldiruvchi hamda yallig‘lanishga qarshi vosita sifatida foydalaniladi.

Категория: Salomatlik sirlari | Просмотров: 741 | | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar