15:37 Jinsiy quvvat sustligi sabablari | |
Erkaklik qobiliyati yoshga bog‘liq tushuncha ekanligi ko‘pchilika ma’lum. Yigirma yoshli yigitchaning ehtirosi tezda olovlanib ketadi. O‘ttizga borgach, u o‘zini biroz bosib oladi, jinsiy hayoti ham bir maromga tushadi. Qirq yoshdan oshgach erkak quvvatga to‘lgan va «bu soha»da «malaka»si yetarli bo‘ladi. Ellik yoshdan oshgach, tabiat qonunlari bo‘yicha, organizm yoshga doir o‘zgarishlarni boshdan kechiradi. Endi hujayralar yangilanishi yoshlikdagidek tez yuz bermaydi, jinsiy gormonlar ishlab chiqilishi sustlashadi. Shunga qaramay, jinsiy moyillik kuchli bo‘ladi, shunchaki, endi bu jarayon ko‘proq quvvat talab qiladi, xolos. Biroq erkaklik quvvati sustlanishi tabiat qonunlariga mos davrdan ertaroq boshlanib, gohida bepushtlikka ham sabab bo‘lishi mumkin. Xo‘sh, buning sababi nima? Mutaxassis – androlog-seksopatolog Dilmurod ERGASHЕV. Gap shundaki, erlik quvvati to‘g‘ridan-to‘g‘ri testosteron gormoni bilan bog‘liq. Bu gormon erkakka xos bo‘lgan barcha alomatlarni rivojlantiradi, uning jinsiy faoliyatini belgilaydi. O‘g‘il bola balog‘at yoshiga yetgach, testosteronning ishlab chiqilishi ortib boradi. U 25-30 yoshgacha faollik bilan ishlaydi. Keyin esa u «bosiqlik» bilan ishini davom ettiradi. Umuman olganda, erkaklik quvvati faqatgina yoshga bog‘liq emas. Bunda organizm ahvoli ham kattagina rol o‘ynaydi. Sog‘lom organizmda barcha tizimlar bir maromda faoliyat yuritadi. Shuning uchun erkaklik quvvatini belgilashda, shifokorlar odamning biologik yoshiga ko‘ra baholashadi. Ruhiy o‘zgarishlar ham sababmi? Ba’zan erkaklik qobiliyatining sustligi yoshlarda ham uchraydi. Ko‘pincha buning sababi faqatgina jinsiy a’zoda deb o‘ylashadi. Aslida esa muammo juda murakkab. Bu holat tibbiyotda erektil disfunksiya deyiladi. To‘g‘ri, bu xastalik emas, u organizmdagi bir qator kasalliklar oqibati. Erkaklik quvvatiga turli holat va vaziyatlar ta’sir ko‘rsatadi: gormonal faoliyatning izdan chiqishi, qon aylanishining buzilishi, asab tizimidagi salbiy o‘zgarishlar, ruhan ta’sir qiladigan muammolar va h.k. Odatda, 40 yoshgacha bo‘lganlarda erkaklik quvvati buzilishining sababi aynan uning ruhiy holatida bo‘ladi. Keyingi o‘ringa qon tomirlardagi muammoni qo‘yish mumkin. Kuchli jins vakillarining «dushmani» Birinchi o‘rinda — palapartish jinsiy hayot. Ayniqsa, 30 yoshdan so‘ng. yurak ishemiik kasalliklari; Yosh yigitlarda kuzatilayotgan erektil disfunksiyaning sababi sog‘lom turmush tarziga rioya qilmaslik, noto‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy harakatning kamligi, asabiylashishdir. Shuningdek, yana bir muammo borki, yosh yigitlarimizning eng gullagan davrida erkaklik quvvatidan mahrum qiladi. Bu — sharmsiz kino va jurnallarni tomosha qilish. Uylanmagan yigitlar ehtirosini jumbushga keltiradigan bu omil qoniqish hissini bermaydi. Shu sabab keyinchalik uning jinsiy hayotida muammolarni keltirib chiqaradi. Endi nima qilamiz? Tongda yugurishni odatga aylantiring. Har kungi badantarbiya, kontrast dush, me’yorda foydali taomlar, vitaminlar – sizning xaloskoringiz. Alkogol, tamaki, giyohvandlik moddalari, yog‘li ovqatlar, kamharkatlilik «erkaklik»dan uzoqlashtiruvchi omillardir. Ba’zan erta yuz bergan impotensiya kasb bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin: me’yorlashtirilmagan ish kuni, zax yoki haddan tashqari issiq, shuningdek, tebranish (vibratsiya) ko‘p bo‘lgan joylarda ishlash erkaklik qobiliyatining sustlashishiga olib kelishi mumkin. Birini davolab, ikkinchisiga yo‘liqish Ba’zi dorilarni doimiy tarzda uzoq muddat ichish ham jinsiy qobiliyatga ta’sir etishi mumkin. Bunday dorilarga neyroleptiklar (asab va ruhiy xastaliklarni davolashda qo‘llaniladi), gipotenziv (qon bosimini tushiruvchi) va sedativ (tinchlantiruvchi) vositalar, shu jumladan, antidepressantlar, trankvilizatorlar, antigistaminlar, xuruj (tutqanoq) va qayt qilishga qarshi va h.k. dorilarni misol qilish mumkin. Ammo ular tufayli kelib chiqqan erektil disfunksiya vaqtinchalik bo‘lib, dorilarni qabul qilish to‘xtatilgach, erkaklik qobiliyati tiklanadi. Ruhiyat — nozik masala Nafaqt kuchli stresslar, balki siqilish, muammo yechimini topa olmaslik, ishdagi ko‘ngilsizliklar, o‘qishdagi zo‘riqishlar, oiladagi kelishmovchiliklar, pulsizlik ham jinsiy hayotga soya tashlaydi. Bunday vaziyatlardan himoyalanishning eng samarali usuli – jinsiy aloqadagi omadsizliklarga e’tibor bermaslik. Ruhan o‘zingizga kelib olganingizdan so‘ng bu muammolar o‘z-o‘zidan barham topadi. Ammo shuni unutmaslik lozimki, ba’zi ruhiyatga ta’sir etuvchi vaziyatlarda odamga malakali yordam kerak bo‘ladi. Shuning uchun psixolog yoki seksopatologga murojaat etish kerak. Vazifamiz — ogohlantirish Har bir erkak kishi 40 yoshdan keyin, hatto o‘zida hech bir muammoni sezmasa ham, mutaxassis ko‘rigidan o‘tishi kerak. Mana shunday ko‘riklarda ko‘pincha endi kurtak ochayotgan xastaliklar va kelajakda yuz berishi mumkin bo‘lgan muammolar oldi olinadi. Raqamlarga murojaat etsak Erektil disfunksiya kuzatilgan 10ta erakadan 9 nafari bu dardga ruhiy sabab (ular stress, ziddiyatlar, depressiv holatlar) tufayli uchragan bo‘ladi. Bu holatni davolash uni keltirib chiqqan sababni davolashdan boshlanadi. Masalan, gormonal o‘zgarishlar bo‘lsa, gormonal fonni me’yorlashtiruvchi, asab tizimi pand bergan bo‘lsa, nerv tolalarini davolashga to‘g‘ri keladi. To‘g‘ri, ereksiyani preparatlar bilan ham davolash mumkin. Ammo ularni, albatta, mutaxassis tavsiya etishi lozim. Negaki, bunday dorilar yurak-qon tizimi kasalliklari bilan og‘rigan kishilarga taqiqlanadi. O‘zingizni ehtiyot qiling, aziz erkaklar. O‘z vaqtida salomatligingizni tiklang va muammolarsiz yashang. | |
|
Всего комментариев: 0 | |