09:03
Og`ir atletikachi o`zbek qizi jahon rekordini o`rnatdi

Ayni kunlarda AQShning Las-Vegas shahrida og`ir atletika bo`yicha o`smirlar o`rtasida jahon chempionati bahslari bo`lib o`tmoqda. Biz uchun ahamiyatlisi, okean ortida o`tayotgan musobaqa hamyurtlarimiz uchun muvaffaqiyatli davom etayapti.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmatining xabar qilishicha, kecha qizlar o`rtasida vazni 64 kilogrammgacha bo`lgan atletlar g`oliblik uchun bahs olib bordi. Quvonarlisi, ushbu vazn toifasida terma jamoamiz a`zosi, o`smirlar o`rtasidagi III yozgi Olimpiya o`yinlari g`olibasi hamda yoshlar o`rtasida jahon chempioni Kumushxon Fayzullaeva yana bir bora dunyoda tengsiz ekanligini isbotladi. Shu bilan birga sportchimiz jahon rekordini ham yangilashga muvaffaq bo`ldi.

U musobaqaning dast ko`tarish mashqida 93 kg. natija qayd etdi va eng yaqin ta`qibchisi meksikalik Gonsales Roxasni naqd besh kiloga ortda qoldirdi. Bu borada kuchli uchlikka 84 kg. ko`rsatkich bilan ruminiyalik Mixaela Ilie yakun yasab berdi.

Siltab ko`tarish bahslarida esa Kumushxonning g`alabasi yanada ishonarli bo`ldi. Ushbu yo`nalishda o`zbek qizi 122 kg.lik natija bilan dunyo rekordini yangiladi. Bu ko`rsatkich bilan u dunyo rekordini yangiladi va O`zbekiston nomini tarixga muhrladi.

Aslida hamyurtimiz ilk urinishidayoq oltin medal masalasiga nuqta qo`ygan edi. Uning 115 kg.lik ko`rsatkichiga qolgan sportchilar uchta urinish davomida ham yaqin kelisholmadi. Bu yo`nalishda ham 2-o`rinni Roxas egalladi, u 107 kg.lik toshni o`ziga bo`ysundirdi. Faxrli 3-o`rin hamda bronza medali esa Iliega nasib etdi, u siltab ko`tarish mashqida 106 kg. natija qayd etdi.

Shu tariqa Kumushxon Fayzullaeva o`smirlar o`rtasidagi jahon chempionatida uchta oltin medalga sazovor bo`ldi. Eslatib o`tamiz, bungacha AQShdagi musobaqada terma jamoa a`zolaridan Nigora Abdullaeva uchta oltin, Og`abek Nafasov esa ikkita kumush hamda Asadbek Narimonov bitta oltin va ikkita kumush medal bilan taqdirlangan edi.

Категория: Sport xabarlari | Просмотров: 757 | | Рейтинг: 5.0/1
Всего комментариев: 0
avatar