«Soxta homiladorlik» degan tibbiy atama bilan nomlanuvchi holat hayotda uchrab turadi. Tibbiyot xodimlari uzoq vaqtdan buyon ayollarda uchraydigan bu fenomen ustida bosh qotirishmoqda. Ammo shu kungacha bu muammoning sirlari oydinlashmagan, masala ipidan-ignasigacha tadqiq qilinmagan.
QORIN CHIQSAYU, HOMILA BO’LMASA…
Gap shundaki, ayollarning hayz ko‘rish tsikli, homilador bo‘lishi, tug‘ruqning boshlanishi kabi farzand ko‘rish bilan bog‘liq bo‘lgan jarayonlar, eng avvalo, ayolning bosh miyasidagi ekstratsellyulyar markazlar, gipotalamus va gipofiz kabi a’zolar bilan boshqariladi. Ovqatni ko‘rganda yoki mazali ovqatni eslaganda og‘izdan so‘lak, oshqozondan esa oshqozon shirasi ajrala boshlashi maktab anatomiyasi kurslaridan ma’lum. Ayolning ruhiy holati, homilador bo‘lish, ona bo‘lishga bo‘lgan kuchli xohishi ham aynan shuning kabi bosh miyadagi markazlarga ta’sir qiladi va ayol homiladorlik bilan bog‘liq holatlarni his qila boshlaydi.
Amaliyotda bunday holat ko‘pincha 25-30 yoshli tug‘magan ayollarda kuzatiladi. Ammo ba’zida bir necha farzand ko‘rgan katta yoshli ayollarda ham uchrashi mumkin. Bu holat hayz kelmay qolishi, ko‘ngil aynishi, holsizlik kabi yengil formalardan tortib, ba’zan kunda bir necha bor qusish, kuchli bosh og‘rig‘i, sut bezlarida, qorin sohasida og‘riqlar, qorinning kattalashayotganini, homila qimirlayotganini his qilish kabi biroz og‘ir formalari ham uchrashi mumkin. Bunday hollarda ayolning sut bezlari ham kattalashadi va ortiqcha vazn muammolari aziyat bera boshlaydi. Qiziq belgilardan biri — ayol umurtqasida homila ko‘targandagi kabi bel sohasidagi lordoz (bel umurtqasi fiziologik oldinga egilganlik holatining to‘g‘rilanishi) paydo bo‘ladi, kayfiyat o‘zgarishi, tez charchash, injiqlik kabilar rosmana ko‘zga tashlana boshlaydi.
Fakt: qadimda bir ayol juda farzandli bo‘lishni xohlaydi-yu, homilador bo‘la olmaydi. Keyin esa ayolning hayzi to‘xtaydi, ko‘ngli aynib qusadi. Uch oyda ko‘ngil aynishlari to‘xtab, qornida homilaning qimirlayotganini his qiladi. Albatta, ayol «homilador»ligidan baxtiyor, to‘qqiz oyda ayolda «to‘lg‘oq» boshlanib, doyani chaqirishadi. Doya esa ayolni ko‘rib, bachadoni o‘lchamlarida o‘zgarishlar yo‘qligini, umuman homilador emasligini aytadi. Ayolning ichaklarida shunchaki shlaklar va gaz yig‘ilib hatto qorinning o‘sishiga olib kelgan va ayolga tozalovchi klizma qilingandan keyin hammasi o‘z holiga kelgan.
Albatta, ayol homilador bo‘lishi uchun jinsiy gormonlar balansi me’yorida bo‘lishi kerak. Bosh miyadagi jinsiy faoliyatni boshqaruvchi markazlar va periferiyada joylashgan tuxumdon, bachadon va sut bezlari uzluksiz hamda tsikli bir-biri bilan mutanosib bog‘liqlikda ishlashi lozim. Bunda bachadon naylari va bachadonning sog‘lom bo‘lishi judayam muhim ahamiyatga ega.
Bugun zamonaviy tibbiyot uskunalari, ya’ni UTT yordamida soxta homiladorlikni tezkor aniqlash imkoniyati mavjud.
Shunisi ham borki, bunday holatda shifokor aralashuvisiz va zarur davo choralari ko‘rilmaguncha hayz tsikli o‘z-o‘zidan izga tushib ketmaydi.
KELININGIZ
YOLG’ONCHI EMAS!
Ba’zan bu holatni atrofdagilar noto‘g‘ri tushunishadi. Bunga asosiy sabab kasallikning kam uchraydigan holat bo‘lganligi va xalq orasida bu haqida ma’lumotning kamligidir. Ba’zi ayollar homiladorlikka xos bo‘lgan holatlar boshlansa, testda chiqmagunicha, UTTda ko‘rinmagunicha hech kimga bildirmay turishni afzal ko‘radi. Ayrim hollarda esa aksincha, har bir oydagi o‘ttiz kunni sanab o‘tkazayotgan bir paytida birdan hayzning kelmay qolishi, eng avval ayolni «Homilador bo‘lgan bo‘lishim mumkin», degan xayolga olib keladi va bu baxtni tezroq eriga aytishga, qolaversa, yuzi yorug‘ bo‘lganlik quvonchini qaynonasiga yetkazishga shoshiladi. Bu ayol homilaning bachadonda yo‘q bo‘lib chiqishini xayoliga keltirishi u yoqda tursin, agar kimki bu ayolga homilador emassiz desa, ayol yo mutaxassis ko‘ra olmadi, yo apparat ko‘rsatmadi deb, boshqasiga boradi.
Shuni ta’kidlash kerakki, soxta homiladorlikni bir sindrom desak, bu sindromga duchor bo‘lgan ayol hech qachon aldamaydi. Negaki chindan ham u o‘zini homilador deb o‘ylaydi. Demak, uni tushunishga harakat qilish kerak, zarur bo‘lsa, tinchlantiruvchi muolajalarni olish, ruhshunos maslahatiga jalb qilish, shu bilan birga bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil qilib, uyda biron mashg‘ulot bilan band qilish lozim.
Bu muammo zamirida asosan, gormonal va ruhiy buzilishlar yotadi, dedik. Shu o‘rinda atrofdagilar ayolning jismonan va ruhan aziyat chekayotganini unutmasligi zarur. Ayol o‘z vaqtida shifokorga murojaat qilib, ruhiy asorat sababini aniqlatishi va davolanishni boshlashi kerak. Masalaning murakkabligi shundaki, bunday ayollar homilador emasligini tan olishi biroz qiyin kechadi. Shu sababdan bu holatda psixoterapevt maslahati ham talab etiladi. «Homilador emassiz!» degan xabar ularga juda yomon ta’sir qilishi, unga bu gapni aytgan shifokorga nisbatan ishonchsizlik, nafrat tuyg‘ulari paydo bo‘lishi hech gap emas.
HAMMA GAP
ASABDAMI?
Ruhiy-emotsional tomondan tahlil qiladigan bo‘lsak, har bir ayol homilador bo‘lishni, farzand ko‘rishni juda xohlaydi. Ammo oylar-yillar o‘tib, tunu kun qilayotgan orzusi, ayolning harakatlari, qoldirmay bajo keltirayotgan davo choralari natija beravermasa, bu ayolning chekayotgan iztirobini hatto birga yashayotgan oila a’zolari ham tushunishi qiyin!
Shuningdek, ayol oldin boshdan kechirgan bola oldirish, bola tushishi, tug‘ilgan chaqaloqning o‘limi bilan bog‘liq xotiralar ham soxta homiladorlikka zamin yaratishi mumkin. Bunda ayol tez orada yana homilador bo‘lishni va turmush o‘rtog‘i bilan iliq munosabatlarni saqlab qolishni istaydi. Atrofdagi tanish-bilish ayollar, dugonalari, qo‘shni kelinlarning barchasi homilador bo‘lsa-yu, faqat uning orzusi ushalmasa… ko‘ngli o‘ksiydi. Shu bemisl istak asnosida ayol ruhiyatida soxta homiladorlik shakllana boshlaydi.
Soxta homiladorlikka olib boruvchi sabablar orasida ba’zi hollarda endokrin tizimdagi buzilishlar, tuxumdon o‘smasi kabilar ham rol o‘ynashi mumkin.
RUHIY HOLAT
TIKLANSA,
HAMMASI
IZGA TUSHADI!
Aniqlanishicha, befarzandlarning aksariyat (64) foizi surunkali stress, ya’ni asablari tarang holatda yurishadi. Ular tanish-bilish, qo‘ni-qo‘shnilarning «Bo‘yingizda haliyam bo‘lmadimi?» degan savollari, «Falon joyda falon do‘xtir bor ekan, borib ko‘ring», deb bergan maslahatlarini eshitishdan bezadi. Bir tomonda farzanddek oliy ne’matga erisha olmayotganlik alami bo‘lsa, ikkinchi tomonda vatanim deb katta niyatlar bilan kirib kelgan oilasining buzilishi mumkinligi to‘g‘risidagi hadik ularni surunkali asabiylashuvga, yig‘loqilik, odamovi bo‘lib qolish kabi holatlarga olib keladi.
Surunkali stress nafaqat ruhiy-emotsional holatning taranglashuviga, balki ichki sekretsiya bezlari faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, homilador bo‘lish uchun zarur gormonlar ishlash jarayoniga ham putur yetkazadi. Ko‘pchilik oilalarning tabib, mullalardan davo topishi ham ruhiy ta’sirotga bog‘liq. Bunday holatni boshidan o‘tkazgan yoki umuman bo‘yida bo‘lish muammo bo‘layotgan singillarimizning qalbini yoritadigan yana bir gapni aytmoqchimizki, agar bepushtlikning sababi aniqlanib, to‘g‘ri davolansa, bu, albatta, samarali bo‘ladi.
Ginekolog
Muhabbat Roziqova
maslahatlari asosida
GULSHAN tayyorladi.
|